Bir zalolatda yurgan ota qanday qilib ibodatga kirganligi, qaysi
yo'ldan o'zini saodat yo'liga urib, yaxshi insonlar qatoriga qo'shilib,
boshidan o'tgan qismatlarini hikoya qiladi.
Men o'zimning nafsimga qul bo'lgan bir zot edim. Maishat degan joyda,
qimor degan joyda, ichkilik degan joyda o'zimni to'xtatolmasdim. Odamlarning
orqasidan mazax qilish, odamlarni tahqirlash, ko'pchilikning ortidan kulishni
yaxshi ko'rardim. Bir kuni navbatdagi ulfatchilikdan ulfatlarim bilan ko'chaga
chiqdik. Mast holatdaman, kayf g'olib kelgan, o'rtada shayton bor. Ko'chaga
chiqsam, uzoqdan ko'zi ko'r, oyog'i cho'loq, nogiron bir odamni paypaslab
kelayotganini ko'rdim. Shayton yo'ldan urdimi, yo kayf g'oliblik qildimi,
ulfatlarimga qarab: "Hozir bir tomosha ko'rsataymi? To'yib-to'yib
kulasizlar", degan gapni gapirdim. Haligi kelayotgan bechora nogiron
odamni oyog'im bilan chalib yiqitdim. Yerga yiqilgan nogiron, ko'zi ko'r,
cho'loq odam o'rnidan turolmasdan, devorni ushlab, paypaslab turganligini
ko'rib miriqib-miriqib kuldik.
Tong otarga yaqin xonadonimga qaytsam, ayolimning to'lg'oq tutib
turgan, oy-kuni yaqinlashib qolgan payti ekan. Tug'ruqxonaga ketdik. Ikki
soatdan keyin o'g'il tug'ildi. Xabar bo'ldiki, "o'g'il ko'rdingiz, lekin
ketishingizdan oldin shifokorning huzuriga kirar ekansiz, doktorlarning sizga
aytadigan gaplari bor ekan". Doktorning xuzuriga kirdim. Oldiniga
tabriklab: "Alloh sizga o'g'il ato qildi, muborak bo'lsin. Lekin bir
noxush xabar bor. Tug'ilgan bolangiz ikki ko'zi ko'r, tug'ma cho'loq holatda
tug'ildi" degan gapni aytishdi. "Yo rabbim! Kecha bir insonni nohaq
tahqirlab, oyog'im bilan chalib yiqitgan edim, bugun o'zimning boshimga
qaytarib qo'yding. Bir insonning ustidan kulgan edim, bugun shu ishni
farzandimdan qaytarding!" dedim. Dardim ichimda qoldi, birovga ayta
olganim yo'q.
Bola sanoqli kunlardan keyin xonadonga qaytib keldi. Tug'ruqxonadan
chiqdi. Unga Solim deb ism qo'ydik. Lekin biror marotaba shu farzandim ekan deb
bag'rimga bosganim yo'q. Boshqa otalarga o'xshab farzandini erkalab ko'chalarda
aylantirgan, bir otalarga o'xshab qo'lidan yetaklab yurganim yo'q. Otalik
mehrini berganim yo'q. O'zimning zurriyotim bo'lgan farzanddan o'zim jirkandim.
Cho'loq, nogiron, ko'zi ko'r bolani qo'limga olganim yo'q. Bola kundan-kunga
ulg'aydi...
Yana ikki o'gil ko'rdik. Umar va Xolid deb o'g'illarimizga ism qo'ydik.
Men hamon zalolatdaman. Hamon noto'g'ri yo'ldaman. Ayolim Allohga iltijo
qiladi, namozlarda yig'laydi: "Parvardigor, shu zalolatda yurgan erimga
insof bergin! O'zing hidoyatingga boshlagin! To'g'ri yo'lga o'zing yetaklagin!
Tog'ri yo'lni ko'rsatgin!" deb Xudodan so'raydi.
Nihoyat, hidoyatga chiqadigan kunim boshlandi. Bu juma kuni edi.
O'g'lim Solim, oyog'i cho'loq, ko'zi ko'r, nogiron bolam o'n yoshga to'lgan
payti edi. Ertalab uyqudan turib, navbatdagi ulfatchilikka ketaman deb tursam,
o'g'limning yurakni ezadigan darajada yig'lab turganini eshitdim.
-Solim, nimaga yig'layapsan?
-Ukam Umarni kutib turgandim, kechikib qoldi.
-Ukang Umarni onang biror-bir yumush bilan bir joyga yuborgan bo'lsa
kerak.
"Ukang senga nima uchun kerak bo'lib qoldi?" degan gapni
gapirsam, yana qattiqroq yig'lab, yurakni ezadigan holatda yig'ladi. Orqamga
qaytib yana so'radim:
-Solim, ukang Umar nima uchun kerak edi?
-Ota, vaqt o'tib qoldi, Umar kechikib qoldi. Men bugun niyat qilgan
edim, Allohdan so'ragan edim! Juma namoziga borib, birinchi safda o'tirib,
birinchi safning savobiga ega bo'lishdan Allohdan umidvor bo'lgan edim. O'zim
nogironman. Oyog'im cho'loq, ko'zim ko'r. Imkon bo'lganda o'zim yurb borgan
bo'lardim. Ko'zim bu dunyoni ko'rmaydi, ukam yetaklab olib boraman degan edi.
Va'da qilgan edi, lekin Umar kechikib qoldi.
"Oh, Parvardigor! Bu bolani ko'r qilganmisan, yo meni ko'r
qilganmisan? Ko'zi ko'r bo'lsa ham qalbini ochib qo'yibsan-u, murg'ak bir bola,
farzandim, zurriyotim nogiron bo'lsa ham, oyog'i cho'loq, ko'zi ko'r bo'lsa
ham, birinchi safga borib, juma namozining savobidan umidvor bo'lib, birinchi
safda ibodat qilishni niyat qilsa-yu, men otasi bo'lib, dunyoga kelib, to'rt
mucham salomat bo'lsa, ko'zim butun bo'lib dunyoni ko'rsam-u, nima uchun
birinchi saf u yoqda tursin, oxirgi safda o'tirish ham dilimga kelgani yo'q?
Nimaga meni bunchalik gumroh qilding, Parvardigor!" dedim.
Bolani yolg'iz qoldirib ketishga vijdonim qiynaldi. Shunda niyat
qildim.
-Solim, men hozir tahorat qilaman, qo'lingdan yetaklab o'zim juma
namoziga olib boraman.
-Ota, qo'ying, ustimdan kulmang. Siz juma namoziga bormaydigan
insonsiz, yo'q!
-Bolam, men qo'lingdan yetaklab o'zim olib boraman deb niyat qildim.
Tahorat olib, Solimning qo'lidan yetaklab masjid tomon bordik.Borsak,
jamoat ichkari ham, tashqari ham to'lgan holatda. Subhanalloh, mana shu bolaga
birinchi safdan joy topildi. Birinchi safga o'g'limni o'tkazib, orqasidan o'zim
tiz cho'kib namozni ado etdik. Qarab tursam, nogiron, ko'zi ko'r, cho'loq bolam
devorlarni paypaslab bo'lsayam, o'rnidan turib, ibodat qilib, boshini sajdaga
qo'yib turibdi. Juma namozi intihosiga yetganidan so'ng, "Solim,
o'rningdan tur, endi uyga ketamiz" desam, "ota, Qur'onni olib bering.
Qur'ondan Kahf surasini ochib bering, men surani tilovat qilib o'rnimdan
turaman" dedi. Qur'onni olib, Kahf surasini ochib qo'liga berdim. Ko'r
bola qanday qilib o'qir ekan desam, Qur'onni yodlab bo'lgan ekan! Kahf surasini
boshidan oxirigacha oyatma-oyat o'qib, Qur'onni nihoyasiga yetkazganida, bolam
Qur'onni o'qib turibdi-yu, ko'zimdan yosh to'kilib turibdi. "Ko'zini ko'r
qilgan bo'lsang ham qalbini ochib, qalbiga kalomingni jo qilib qo'yibsan. Men salomatman,
ko'zim ochiq bo'lsa ham, Qachon Qur'onni oxirgi marta qo'limga olganimni o'zim
bilmayman. Shunchalik meni gumroh qilib, muhr bosganmisan, rabbim!" deb
yig'lab turdim.
Bir mahal ko'zimni silab turgan yumshoq qo'lni sezib qoldim. Qarasam,
Solim ko'zlarimdan oqib turgan yoshni qo'li bilan artib, menga qo'shilib
yig'lab turganligini sezdim. O'sha kuni ota-bola bahtiyor bo'lib uyimizga
qaytdik. Meni zalolatdan qaytib, hidoyatga birinchi qadam qo'ygan kunim, boshim
sajdaga tegib, halol bilan haromni farqiga borgan kunim, mana shu farzandim
menga sababchi bo'lgan kun!
Ahli ayolim, xonadon, qavmu-qarindoshlar xursand. Eski ulfatlardan voz
kechib, yangi do'stlar orttirdim. Imonning halovatidan qalbim bahramand bo'lib,
boshimni sajdaga qo'ydim. Shu bolamga mehrim boshqacha bo'lib ketdi. Yoshligida
biror marta bolam deb bag'rimga bosmadim. Otalar kabi erkalaganim yo'q. Shu
bolaga umuman qaramadim. Lekin shu farzandim qo'limdan yetaklab meni hidoyatga
boshladi. Bolaga mehr boshqacha bo'ldi...
Bo'nimga safar vojib bo'lib, uch oydan ortiq uzoq bir mamlakatga
ketdim. Har kuni telefon orqali gaplashib, "o'g'lim Solim qanaqa?"
deb so'rayman. Lekin Solimning ovozini eshitmayman. Ahli ayolim, bolalarim,
Solim maktabda, yoki madrasada deb aytishadi, lekin Solimning ovozini
eshitolmayman. Bir marotaba bo'lsa ham ovozini eshitsam armonim yo'q deb
Allohdan so'rardim. Uyimga qaytishga bir hafta qolganda yana sim qoqdim. Ayolim
telefonni olib, Solim yaxshimi degan savolimga, inshaalloh, deb javob berdiyu,
lekin mayusgina gapirgan ovozidan hayron bo'ldim.
Oradan bir qancha kunlar o'tib, xonadonimga keldim. Ko'chada
kelayotganimda, "hozir eshikni taqillatsam-u, meni zalolatdan qaytarib,
hidoyatga boshlagan o'g'lim Solim eshikni ochsa, to'yib-to'yib bir bag'rimga
bossam" degan niyat bilan keldim. Eshikni ayolim ochdi. Umar, Xolid
o'g'illarim kelib ko'rishganlaridan keyin Solimni qidira boshladim. Solim qani
deb savol qilsam, o'g'lim Umar mayuslik bilan: "ota, eshitmadingizmi? Siz
safarga ketganingizdan so'ng akamiz Solim omonatini topshirdi. Dorul baqoga rihlat
qildi..." degan gapni aytganda, boshimda chaqmoq chaqqandek bir narsa
charsillab ketdi. O'zimni har tomonga urib yig'lay boshladim.
Parvardigor! Bir farzandi solihni menga ato etib, meni zalolatdan
qaytarib hidoyatga boshlagan, jannatga xujjat, do'zaxga parda bo'ladigan bir
farzandni ato etgan ekansan, meni uni qadriga yetmabman. Bolamni bir ko'raman
deb kelsam, bu farzandim ham dunyodan ko'z yumibdi. Yo rabbim! Bu bolaning
oyog'ini cho'loq qilib yaratding. Lekin bu aslida cho'loq emas! Rostda yurgan,
hidoyatda yurgan, Alloh buyurgan to'g'ri yo'lda yurgan odamning oyog'i cho'loq
bo'lmaydi! Oyog'ini butun qilib qo'ysang-u, lekin to'g'ri yo'ldan adashsa,
zalolatda yursa, yomonlikda yuradigan bo'lsa, uning oyog'i xaqiqiy cho'loq! Bu
bolaning ko'zlarini yumib qo'yding, ko'r qilib qo'yding. Lekin bu aslida ko'r
emas- qalb ko'zini ochib qo'ygan eding, Parvardigor. Ikki ko'z ochiq bo'lsa-yu,
harom bilan halolning farqiga bormasa, ko'z ochiq bo'lsa-yu, qalb ko'zi ko'r
bo'lsa, bu inson xaqiqiy ko'r bo'ladi! O'g'limga qisqacha umr berding, lekin
mazmunli umr berding. Qisqacha umr kechirdi, lekin insonlarga ibrat bo'ladigan
umr kechirdi. Parvardigor, shundoq bir gumroh bo'lgan mendek otani sen
kechirgin! Bolam Solim, Alloh seni o'z rahmatiga olsin! Mendek otadan rozi bo'lgin!
"Hidoyat" jurnalidan olindi.
ReplyDelete