She'rlar



TUSH
Bir oy bo’ldi,
Takror-takror
Men bir xil tush ko’raman,
Tushlarimda mudrab yurgan
El ichida yuraman.
Ular bilan
Men ham mudrab
Asta qadam sudrayman.
Bu — tush, deyman,
Uyg’on, deyman,
Uyg’onolmay mudrayman.
Har tun shu hol,
Falak bergan
Bu ne balo qiynoqdir!
Ey xudoyim,
Ey xudoyim,
Kechang buncha uzoqdir?!
E. Vohidov 1991

***

Dod soling ne kechar holimiz,
Alamdan jonimiz qiynoqda.
Olamda topilmas molimiz-
Vaqtimiz yonmoqda, yonmoqda!

Bir yonda, biz topib ulgurmay
Ming-minglab savolga javoblar,
Hatto biz varqlab ulgurmay
Javonda yonmoqda kitoblar!

Odamlar, uyqudan uyg'oning!
Shoshiling, qidiring tez najot.
Jon kuysin, qalb yonsin, siz yoning
To yonib ketmasin bu hayot...
E. Vohidov

***

Ko'cha chiqsang, ko'cha bozor,
Kunduz tugal kecha bozor,
Bir shaharda necha bozor,
Kitob bozori qaydadur?

O'ng tomonda go'sht bozori,
Ichak-chavoq, to'sh bozori,
Narxi boshga musht bozori,
Kitob bozori qaydadur?
Teparoqda don bozori,
Kulchan patir, non bozori
Oru nomus, shon bozori
Kitob bozori qaydadur?

Sal narida un bozori
Qo'qib yotgan jun bozori
Qalpoq bozor, to'n bozori
Kitob bozori qaydadur?

Bir yon pichoq, qin bozori
It, mushukka in bozori
Qo'qon, koreys, Chin bozori
Kitob bozori qaydadur?

Xonatlasu satin bozor
Tarashayu o'tin bozor
Tamakiyu tutun bozor
Kitob bozori qaydadur?

Olib qoling - gul bozori
Valyutayu pul bozori
Ana ko'mir, kul bozori
Kitob bozori qaydadur?

Pivo, vino, aroq bozor
Bolta, tesha, o'roq bozor
Fonu, qandil, chiroq bozor
Kitob bozori qaydadur?

Handalagu qovun bozor
Atir, upa, sovun bozor
Kirsang holing zabun bozor
Kitob bozori qaydadur?

Qilinsa bas bir yo'rig'i
Topilar anqon urug'i
Lozim bo'lar ko'p "qurug'i"
Kitob bozori qaydadur?

Ho'p izlasang topiladi
Lekin ancha chopiladi
Tonguningcha yopiladi
Kitob bozori qaydadur?

Topolmasang qilma ta'na
Qurib ketsin shu ordona
Eng yaxshisi kutubxona
Kitob bozori qaydadur?
(K.Sindarov)

***


UZOQ BIR NUQTAGA...

Uzoq bir nuqtaga termulgancha jim
Mo’ysafid nogahon ko’zlarin yoshlar…
“Zamon o’zgardimi, odamlar… balkim… 
Ne uchun beboshroq hozirgi yoshlar?
Bilmaydi, oddiy bir “salom” so’zini,
Qo’llari ko’ksining visoliga zor.
Uyalish tark etgan chaqnoq ko’zini,
Ma’nisiz seriallar aylayapti xor.

Kitob dunyosidan yiroqdir ular, 
Navoiydan bitta satr bilmaydi. 
Qiziqib asarlar o’qishmas tunlar,
Nasihatga aslo quloq ilmaydi… 

Vaqt bekor o’tgandan achinmaydi hech,
Aniq maqsadidan yo’qdir nishona.
Tushunar ekanmi bo’lganini kech,
Devorga urilgan chog’da peshona?

Uzoq bir nuqtaga termulgancha jim,
Mo’ysafid ko’zlari to’ladi yoshga
Chin dildan istaydi, imkonin topib, 
Aylashni nasihat har bitta yoshga:

“Yoshsan… 
Quvvating bor… 
Shijoat bisyor… 
Bilim ol! Ilm o’rgan!
Ollohni tani!
Qalbingni pok ayla, bo’lmasin g’ubor,
Egam ham, haq yo’lda qo’llar bandani…

Jigarim!
Avlodim! ertam, indinim!
Imonni but ayla,
E’tiqodni do’st!
Millatning sha’nini boshingga qo’yib,
Shu Yurtga munosib farzand bo’lib o’s!”
Mo’ysafid uzoqqa termular, besas… 
(Mas'ud Mahsudov)

0 Fikr va mulohazalar.:

Post a Comment